01-11-2025 09:28

Hozirda dunyo bo‘yicha 560 millionga yaqin inson qand kasalligidan aziyat chekadi. Shulardan qariyb 280 millionida diabetik neyropatiya — boldir nervi shikastlanishi kuzatiladi. Bu holat oyoq panjasidan miyaga og‘riq va bosim signallarining yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Oqibatda bemorlar yurish vaqtida yuzani sezish qobiliyatini yo‘qotadi, surunkali og‘riqlardan qiynaladi va ularda yiqilish xavfi ortadi.
Leia paypoqlari ushbu muammoni hal etishga qaratilgan uchta asosiy texnologiyadan iborat. Taglik qismiga har bir qadamda yuklamaning taqsimlanishini aniqlovchi bosim datchiklari joylashtirilgan. Qo‘nj qismida esa sun’iy intellekt algoritmlariga ega o‘ta ixcham protsessor o‘rnatilgan bo‘lib, u datchiklardan kelayotgan ma’lumotlarni tahlil qiladi va ularni elektr impulslariga aylantiradi.
Bundan tashqari, paypoq to‘qimalariga maxsus elektrodlar tikilgan. Ular hosil bo‘lgan impulslarni foydalanuvchi asab tolalarining sog‘lom qismlariga uzatib, nerv faoliyatini rag‘batlantiradi. Mazkur jarayon oyoqning yer bilan aloqasi haqida teskari aloqa mexanizmini shakllantiradi. Tizim har bir bemorning anatomik xususiyatlariga individual tarzda moslanadi.
Mynerva kompaniyasi ushbu texnologiyani ishlab chiqish, patentlash va sertifikatlash jarayonlarini amalga oshirish uchun AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Yaqin oylarda Leia paypoqlarining oyoq yaralarini oldini olish hamda asab faoliyatini tiklashdagi samaradorligini baholashga qaratilgan uzoq muddatli klinik sinovlar boshlanishi rejalashtirilgan.
Mahsulotning ishlab chiqarilishi va sotuvga qo‘yilishi 2027-yilga mo‘ljallangan. Leia paypoqlari diabetik neyropatiyadan aziyat chekayotgan millionlab insonlar uchun hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.
