Bloomberg nashrining xabar berishicha, Yevropa davlatlarida navbatdagi energiya inqirozi yuz berishi kutilmoqda.
"Yevropada sovuq havoning boshlanishi munosabati bilan isitish uchun gazga talab keskin oshdi. O‘z navbatida, 2024-yilda gaz narxi 45 foizga ko‘tarildi. Vaziyat sovuq ob-havo sharoiti tufayli yanada og‘irlashishi mumkin. Shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasi zaruriy ehtiyojni to‘liq ta’minlay olmaydi", deb yozadi agentlik.
Bloomberg yaqin kelajakda gaz narxining yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri sifatida Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari tomonidan hamon sotib olinayotgan Rossiya gazini yetkazib berishning to‘xtatilishi xavfini ko‘rsatmoqda. Bu gaz to‘lovlari amalga oshiriladigan “Gazprombank”ga qarshi AQSHning yangi sanksiyalari tufayli sodir bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, yil oxirida Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti bo‘yicha kelishuv muddati tugaydi.
Bloomberg boshqa xavf omillari sifatida Qo‘shma Shtatlardan suyultirilgan gaz yetkazib berishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kechikishlar va qishning ancha sovuq kelishini qayd etadi. Agentlik kutilmalariga ko‘ra, ushbu jarayonlardan eng ko‘p jabrlanadigan mamlakat Germaniya bo‘lishi mumkin.