17-09-2025 09:22

Rossiyada avgustda boshlangan benzin tanqisligi keskin avj oldi. Reuters manbalariga ko‘ra, hozirda kamida 20 ta mintaqa — Chukotkadan to Samaragacha yonilg‘i yetishmasligiga duch kelmoqda. Xususiy yonilg‘i quyish shoxobchalari benzin sotishni to‘xtatgan, yirik neft kompaniyalari AYOQSHlarida ham ayrim turdagi yonilg‘ilar bo‘yicha uzilishlar kuzatilmoqda.
Mutaxassislar tanqislikning asosiy sababi sifatida xususiy AYOQSHlar tomonidan zaxira to‘planmaganini va kreditlarning qimmatligini qayd etadi. Avgustda beshta yirik neftni qayta ishlash zavodlari dron hujumlari sababli ishini to‘xtatdi va qayta ishlash salohiyatining 17 foizi yo‘qotildi.
Sentyabrda yana to‘rt NQIZ — Ryazan, Saratov, Ufadagi «Novoyl» va Leningrad oblastidagi «Kinef» ukrain dronlari hujumlariga uchradi. Reuters’ga ko‘ra, «Kinef» asosiy quvurini yopishga majbur bo‘lgan va hozir faqat 75 foiz quvvatda ishlayapti.
Yirik neft kompaniyalari benzinni o‘z AYOQSHlarini ta’minlash uchun zaxiralab, chakana sotuvchilarga yetkazib berishni kechiktirmoqda. Bir treyder: «Bu men birjadan sotib olgan benzin edi, lekin 1,5 oydan beri yetkazishmagan», — deydi. Neft kompaniyalari jarima to‘lashni afzal ko‘rmoqda, chunki kelishuvga amal qilish ular uchun zararli.
Sharqiy Sibirda ko‘plab xususiy AYOQSHlar yopilayotgani yoki faqat ayrim turdagi yonilg‘ilarni sotmayotgani ma’lum qilindi. Sababi — ulgurji narxlar juda baland va chakanada foyda qolmayapti. Vladimir va Belgorod oblastlarida ham bir necha AYOQSH vaqtincha yopilgan.
Avgust yakuniga ko‘ra, Rossiyada yonilg‘i ishlab chiqarish 5 foizga kamaygan. Mamlakatda 6,4 mln tonna — NQIZlar quvvatining 23 foizi vaqtincha to‘xtab turgan. Bu tarixdagi eng katta ko‘rsatkichdir.
Rossiya hukumati vaziyatni barqarorlashtirish uchun neft kompaniyalariga zaxiralarni ishga solish, ta’mirlash grafiklarini o‘zgartirish va temir yo‘ldagi yonilg‘i tashishni qo‘lda boshqarish vazifasini yuklagan. Shuningdek, eksportga taqiq yana ikki oyga uzaytirilgan.
