Italiyalik rassom Mauritsio Kattelanning «Komedian» asari 2019 yilda Art Basel Mayami ko‘rgazmasida ilk bor debyut qilganida san’at olamini hayratda qoldirdi.
Chorshanba kuni Nyu-Yorkdagi Sotheby's kimoshdi savdosiga qo‘yilganidan keyin besh daqiqa ichida dastlabki taklif 800 ming dollardan 5,2 million dollarga ko‘tarildi. Ushbu miqdorga xaridorning mukofoti (komissiya) ham qo‘shiladi.
Sotheby's ma’lumotlariga ko‘ra, yakuniy narx dastlabki hisoblangan 1,5 million dollardan sezilarli darajada oshgan.
Asarni xitoylik kolleksiyachi va Tron platformasi asoschisi Jastin San sotib olgan.
Artnet.com saytining yozishicha, agar meva shikastlangan bo‘lsa, xaridor bananni o‘zi almashtiradi.
"Bu shunchaki san’at asari emas. Bu san’at, memlar va kriptovalyuta hamjamiyatlarini bog‘laydigan madaniy hodisa bo‘ladi. Ishonchim komilki, bu ish kelajakda yangicha fikrlash va munozaralar yaratib, tarixning bir qismiga aylanadi”, – dedi San.