17-09-2025 09:20

Yaponiyadagi «Yangilanish yo‘li» partiyasi yetakchiligiga sun’iy intellekt tayinlanishi ma’lum qilindi. Partiyaning asoschisi — siyosiy favqulodda shaxs hisoblangan Shinji Ishimaru partiyani so‘nggi saylovdagi mag‘lubiyatdan so‘ng tark etdi.
Ushbu partiya 2025-yil yanvarda Ishimaru tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, u avval g‘arbiy Yaponiyadagi kichik shahar meri sifatida faoliyat yuritgan. 2024-yildagi Tokio gubernatorligi saylovida onlayn kampaniya orqali kutilmaganda ikkinchi o‘rinni olgan. Biroq 2025-yildagi yuqori palata saylovlarida partiya hech qanday o‘rin qo‘lga kirita olmadi.
«Yangi yetakchi — AI bo‘ladi», — dedi matbuot anjumanida partiya yetakchiligi uchun tanlovda g‘olib chiqqan va hozirda Kioto universitetida AI yo‘nalishida doktoranturada o‘qiydigan 25 yoshli Koki Okumura. U o‘zini «AI yetakchiga yordamchi» sifatida tanishtirdi.
Okumuraning aytishicha, AI partiya a’zolariga siyosiy qarorlarni taqdim etmaydi, balki resurslarni taqsimlash kabi tashkiliy masalalarga mas’ul bo‘ladi. Ya’ni AI, ko‘proq texnik va boshqaruv qarorlarida qo‘llaniladi, partiyaning siyosiy yo‘nalishini esa har bir a’zo o‘z xohishiga ko‘ra belgilaydi.
Ayni paytgacha partiya saylovlarda omadsizlikka uchragan. Joriy yil iyun oyidagi Tokio majlisi saylovlarida ko‘rsatilgan 42 nomzodning hech biri o‘rin ololmadi. Iyulda yuqori palata saylovida ham 10 nafar nomzodning barchasi mag‘lubiyatga uchradi.
Yaponiyada siyosiy jarayonlarga AI’ni integratsiya qilish bo‘yicha bu birinchi rasmiy tashabbus hisoblanmoqda. Amaldagi yetakchi bo‘lmasada, AI’ning partiya ichidagi qarorlarga ta’siri katta bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Albaniya dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellektga vazirlik topshirgani v u hukumat davlat tenderlarida poraxo‘rlikni yo‘q qilishni maqsad qilgani haqida xabar bergan edik.
