Buyuk Britaniya hukumati bir necha hafta oldin Ukrainaga yana “oʻnlab” uzoq masofali “Storm Shadow” raketalarini yetkazib berdi, deb xabar bermoqda “Bloomberg” manbalarga tayanib.
Bu xabar ommaviy ravishda eʼlon qilinmadi. 2024-yil iyulidan beri oʻz lavozimini egallab turgan Bosh vazir Key Starmer davrida bunday raketalarning birinchi yetkazib berilishidir.
Nashr suhbatdoshlariga koʻra, “Storm Shadow” Vashington va London Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga uzoq masofali raketalar bilan zarba berishga ruxsat bermasdan oldin yuborilgan. “Bloomberg” manbalari raketalar Ukrainaga aniq qachon kelgani yoki ularning sonini aytishdan bosh tortdi.
Noyabr oyi boshida “The Guardian” Buyuk Britaniya maʼlum vaqtdan beri Ukrainaga “Storm Shadow” raketalarini yetkazib bermagani haqida yozgan edi. Manbalarning “The Times” nashriga aytishicha, bunga taʼminot yetishmasligi sabab boʻlishi mumkin.
Ukraina qurolli kuchlari 20-noyabr kuni Rossiyaga zarba berish uchun Britaniyaning “Storm Shadow” raketalaridan ilk bor foydalangani xabar qilingan. Raketa qoldiqlarini oʻsha kuni Kursk viloyatidagi Maryino qishlogʻi aholisi aniqlagan. “Storm Shadow”dan foydalanish Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaga Amerikaning uzoq masofali ATACMS raketalari bilan birinchi marta — Bryansk viloyatidagi oʻq-dorilar omboriga hujum qilganidan bir kun oʻtgach sodir boʻldi.
21-noyabr oqshomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Qurolli kuchlari oʻrta masofaga moʻljallangan eksperimental “Oreshnik” ballistik raketa majmuasi yordamida Dneprga raketa zarbasi berganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya buni Ukraina Qurolli kuchlari Gʻarbning uzoq masofali raketalarini qoʻllaganiga javoban qilgan.