Isroil armiyasining Suriyaning tarixiy Palmira shahriga bergan aviazarbasi natijasida 36 kishi halok bo‘ldi, 50 kishi yaralandi. Havo hujumlari turar joy binolari va sanoat markazlariga berildi.
“Chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:30 atrofida shaharning tarixiy qismi hisoblangan at-Tanf tumaniga raketalar tushdi, natijada 36 kishi halok bo‘ldi, 50 kishi jarohat oldi”, — deyiladi Suriyaning SANA axborot agentligi xabarida.
At-Tanf — Suriyaning janubi-sharqiy qismida, Iroq bilan chegaraga yaqin tuman. Bu hudud AQSH harbiylari tomonidan nazorat qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Suriyaning Palmira shahri YUNESKOning tarixiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Qadimgi shahar nomi haqidagi birinchi ma’lumotlar miloddan avvalgi II ming yillikda uchraydi. Mamlakatda urush boshlanishidan oldin shahar Suriyaning asosiy sayyohlik markazlaridan biri hisoblangan. Urush natijasida bu yerdagi tarixiy obidalar katta zarar ko‘rgan. Mutaxassislarning aytishicha, qadimiy shahar vayron bo‘lish xavfi ostida.