Tojikistondagi Rogʻun gidroelektr stansiyasi qurilish maydonida yuz bergan hodisada uch ishchi halok boʻldi, yana bir kishi tan jarohati oldi.
12-noyabr kuni Tojikiston hukumati huzuridagi Sanoatda va konchilikda ishlarning xavfsizligini nazorat qilish davlat xizmati maʼlumotiga koʻra, halok boʻlganlar “Xokrud” kompaniyasining 39, 40 va 51 yoshdagi xodimlari boʻlgan. Hodisa qurilish maydonchasida sodir boʻlgan, ammo hozircha aniq sabablari oshkor qilinmagan.
Rasman tasdiqlanmagan maʼlumotlarga koʻra, ishchilar ustiga platforma tushib ketgan.
Hodisadan soʻng maxsus ishchi guruh tuzilib, voqea joyida tergov ishlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari va xavfsizlik xizmatlari hodisa holatlariga oydinlik kiritish uchun tekshiruvlarini davom ettirmoqda. Hodisaning batafsil tafsilotlari tergov yakunlariga koʻra eʼlon qilinadi.
Maʼlumot uchun: Rogʻun gidroelektr stansiyasi Markaziy Osiyodagi yirik loyihalardan biri boʻlib, uning qurilishida xavfsizlik choralari qatʼiy nazoratda boʻlgan.