O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saudni qabul qildi.
Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va "yashil" energetika sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston energetika sohasini to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgan yetakchi "ACWA Power" kompaniyasi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Mamlakatimiz hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, "yashil" vodorod ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda mahalliylashtirish va korxonalar energiya samaradorligini oshirish jarayonlariga Saudiya Arabistoni kompaniyalari va maslahatchilarini jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.