Maʼlum qilinishicha, qonun loyihasida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning oldi olish hamda mamlakatda oziq – ovqat mahsulotlari havfsizligini taʼminlash masalalari nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, hayvonlarni hisobini yuritish, hayvonlarning nasli bilan bog‘liq va ularning sog‘ligi to‘g‘risidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarining, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchi va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi. Shu sababdan isteʼmol uchun ishlatiladigan go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xafini tug‘dirishi mumkun bo‘lgan hamda kasallik kirib kelishini oldini olish, epizootik osoyishtalikni taʼminlash maqsadida, it, mushuklarni identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda.
“Qonun loyihasining qabul qilinishi ichki va tashqi bozor uchun hayvonlardan olinadigan mahsulot prognozi to‘g‘risida aniq maʼlumotlar bazasini shakllantirish, isteʼmol uchun chiqariladigan barcha mahsulotlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni olishga, hayvon egalarining hayvonga egalik qilish, foydalanish, tasarruf qilish huquqlarini yanada kafolatlashga imkoniyat yaratadi”, deyiladi xabarda.
Deputatlar qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida unda nazarda tutilayotgan yangiliklar chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tashqi va ichki bozorlarni sifatli chorva mahsulotlar bilan taʼminlash, veterinar osoyishtalikni taʼminlashga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.