23-10-2025 10:40

Ushbu tasvirlar kech paleolit yoki ilk neolit davriga oid deb taxmin qilinmoqda. Ularni sakkiz yil avval mahalliy baliqchilar ilk bor ko‘rgan. O‘sha paytda qurg‘oqchilik sabab suv sathi keskin tushib ketgan va qadimiy tosh yuzasi ochilgan. Joriy yilda suv sathi yana ko‘tarilgach, Adiyaman muzeyi xodimlari yodgorlik holatini o‘rganish uchun suvosti tadqiqotini o‘tkazgan.
Muzey direktori Mehmet Alkanning so‘zlariga ko‘ra, suv ostida ko‘rish imkoniyati juda cheklangan bo‘lgan, biroq jamoa maxsus kamera yordamida ayrim bo‘laklarning yirik planli tasvirlarini olishga muvaffaq bo‘lgan.
“Yuza hozirda midiya chig‘anoqlari bilan qoplangan, shu sababli aniq tasvir olish qiyin. Yaqin oylarda joyni tozalab, batafsil hujjatlashtiramiz va keyinroq muzey uchun nusxasini yaratamiz”, deydi u.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ba’zi tasvirlar paleolit davrining oxiri yoki neolitning boshlanishiga tegishli bo‘lishi mumkin. Taxminan sakkiz metr uzunlikdagi va yetmish santimetr balandlikdagi uzun panelda insonlar va hayvonlar ishtirokidagi dinamik ov sahnasi aks etgan.
Aniqlangan figuralar orasida tog‘ echkilari, otlar, bo‘rilar, tulkilar va laylaklar mavjud bo‘lib, ular o‘ziga xos uslubda ishlangan. Arxeologlarning fikricha, bu kompozitsiya yozuv paydo bo‘lishidan oldingi ramziy ifoda usullaridan biri sifatida ov manzarasini yoki jamoaviy hikoyani ifodalashi mumkin.
Otaturk to‘g‘oni XX asr oxirida qurilgan bo‘lib, bu hudud ilgari ochiq osmon ostidagi qadimiy ibodatxonalar va g‘orlar bilan boy bo‘lgan tarixiy manzara tarkibiga kirgan. Shunga o‘xshash qoyatosh o‘ymalariga Batman, Shonliurfa va Mardin viloyatlarida ham duch kelinadi, bu esa Yuqori Mesopotamiyadagi madaniy uzviylikni ko‘rsatadi.
Otaturk to‘g‘oni – Turkiyadagi eng yirik suvomborlardan biri bo‘lib, so‘nggi o‘n yilliklarda yuzlab arxeologik yodgorliklarni suv ostida qoldirgan. Shu sababli, mutaxassislar topilmani raqamli tarzda qayd etish muhimligini ta’kidlamoqda: 3D-skaner va fotogrammetriya texnologiyalari yordamida bu tasvirlarni virtual tarzda qayta tiklab, kelajakdagi tadqiqotlar uchun saqlab qolish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada arxeologlar Iso Masih tasviri tushirilgan 1300 yillik nonni topgandi. Qadimgi Irenopolis shahri joylashgan Topraktepe arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari davomida mutaxassislar milodiy VII-VIII asrlarga oid va tabiiy ravishda kuydirilgan holda saqlanib qolgan beshta dumaloq non topgan. Ularning aksariyatida Malta xochi tasvirlangan, birida Isoning surati va yunon tilida: “Muborak Isoga minnatdorlik bilan” yozuvi bor.
