25-10-2025 06:33

Firibgar ijtimoiy tarmoqlar orqali ayolga murojaat qilib, o‘zini aktyor sifatida ko‘rsatgan va go‘yoki sodiq muxlislari bilan yaqinroq aloqa o‘rnatishga intilayotganini ma’lum qilgan.
Jinoyatchilar oddiy yolg‘on fotosuratdan foydalanish o‘rniga, sun’iy intellekt texnologiyasi orqali Li Jon Jening “Kalmar o‘yini’’ uchinchi mavsumi suratga olinayotgan paytda aeroportda olingan, deya da’vo qilingan soxta suratlarni yaratishgan. Hatto aktyorning soxta haydovchilik guvohnomasi ham jabrlanuvchiga yuborilgan.
Ayolning ishonchi to‘liq qozonilgach, muloqot KakaoTalk messenjeriga ko‘chirilgan. Yozishmalar bosqichma-bosqich soxta ishqiy munosabatlarga aylantirilib, Li nomidan muloyim so‘zlar bilan murojaat qilinib, yaqinlik va o‘zaro tuyg‘ular mavjudligi haqidagi tasavvur shakllantirilgan. Ayol ularni oddiy do‘stlikdan ko‘ra jiddiyroq rishta bog‘lashiga qattiq ishonch hosil qilgan.
Shundan so‘ng “aktyor’’ undan pul talab qila boshlagan. Dastlab, “muxlislar bilan uchrashuv VIP-kartasi’’ni rasmiylashtirish uchun 10 million von miqdorida pul o‘tkazish so‘ralgan va yaqin orada qaytarilishi va’da qilingan. Keyinchalik firibgarlar aktyor nomidan AQShda ushlanganligi va jarima hamda xarajatlarni qoplash uchun yordam kerakligi bahona qilingan. Eng so‘ngida, “agentlik vakili’’ qo‘shilib, qo‘shimcha to‘lov evaziga aktyor bilan shaxsiy uchrashuvni tashkil etishni taklif qilgan.
Olti oylik ushbu manipulyatsiyalar natijasida ayol yuqorida qayd etilgan miqdordagi mablag‘dan mahrum bo‘lgan. Har bir to‘lov bilan unga yaqin orada uchrashuv va mablag‘larni qisqa muddatda qaytarish va’dalari berilgan.
Kyonssang Namdo provinsiyasi politsiyasi tomonidan olib borilayotgan tergov jarayonida, ushbu jinoiy guruhning Kambodjada joylashgan xalqaro firibgarlar tarmog‘i bilan aloqadorlik ehtimoli yuqori ekanligi taxmin qilinmoqda. Hatto tergov harakatlari boshlanganidan so‘ng ham, firibgarlar jabrlanuvchiga yozishni davom ettirib, uni o‘z nazoratida ushlab turishga urinishgan.
Aktyor Li Jon Jening agentligi 22-oktyabr kuni rasmiy bayonot berib, aktyorning ham, uning menejerining ham ushbu voqea bilan mutlaqo aloqasi yo‘qligini va ular hech qachon muxlislaridan moliyaviy yordam so‘ramaganligini qat’iy ta’kidladi.
Aktyor vakillari barcha muxlislarni bu kabi moliyaviy firibgarlik xavfidan ogohlantirib, mashhur shaxslar nomidan pul talab qilingan yoki mukofot evaziga shaxsiy uchrashuvlar va’da qilingan xabarlarga javob bermaslikka chaqirdi.
