24-10-2025 09:31

Boltiq sohilidagi kuchli bo‘ronlar natijasida sohil qiyaliklari yemirilib, yer ostida qariyb uch ming yil saqlangan buyum yuzaga chiqqan. Kamen shahri tarixi muzeyi (Muzeum Historii Ziemi Kamieńskiej) ma’lumotiga ko‘ra, topilma Polshaning G‘arbiy Pomoryo viloyatidagi Kamen-Pomorskiy yaqinida aniqlangan.
Topilmani tarix bilan shug‘ullanuvchi ikki havaskor — Yatsek Ukovskiy va Katajina Gerdjik bo‘rondan keyin sohilda yurgan vaqtda loy bo‘lagidan topgan. Ular darhol muzey direktori Gjegoj Kurka bilan bog‘langan.
Xanjarning uzunligi taxminan 24 santimetr bo‘lib, u yarim oy shakllari va geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Dastasi uchi o‘tkir qilib ishlangan. Kurkaning ta’kidlashicha, bu buyum tayyorlanishi mahorati jihatidan Polsha hududida topilgan eng noyob metall artefaktlardan biridir.
Ancient Origins nashri yozishicha, naqshlar uning marosim buyumi bo‘lganidan darak berishi mumkin. Bu kabi bezaklar miloddan avvalgi 800–450-yillarga tegishli Xalshtat davriga, ya’ni Yevropada temir asri boshlangan davrga xos hisoblanadi.
Olimlar xanjarning aslida qanday maqsadda ishlatilgani borasida turli fikrda. Boy bezaklari va jang izlarining yo‘qligi uning rasmiy yoki diniy marosimlar uchun ishlatilganini anglatishi mumkin. Ammo muvozanatli tuzilishi va mustahkamligi sababli, ayrim olimlar uni yuqori martabaga ega jangchiga tegishli qurol deb hisoblamoqda.
Muzey direktori Kurkaning aytishicha, xanjar ehtimol, o‘sha davrdagi metall ishlov berish markazlaridan birida — hozirgi Italiya, Avstriya yoki Bolqon mintaqasi hududlarida tayyorlangan bo‘lishi mumkin. U shimolga qadimiy savdo yo‘llari orqali yetkazilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Tez orada o‘tkaziladigan laboratoriya tahlillari uning aniq kelib chiqishi va vazifasini belgilab beradi.
