22-10-2025 10:25

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ChatGPT Atlas foydalanuvchilarga turli vazifalarni soddalashtirish imkonini beradi, masalan, sahifadagi kontentni umumlashtirish, mahsulotlarni taqqoslash, matnlarni tahlil qilish, hujjatlarni tahrirlash yoki hatto elektron pochtalar va kalendar takliflarini boshqarish.
Brauzer interfeysi yon panel (sidebar) orqali ChatGPT’ni tezda ishga tushirishga mo‘ljallangan. Foydalanuvchi sahifadagi biror so‘zni belgilasa, sun’iy intellekt darhol kontekstga mos tavsiyalar yoki tahlillarni taklif qiladi. Bu esa ChatGPT’ni veb-saytda doimiy yordamchi sifatida ishlatish imkonini beradi.
OpenAI ta’rifiga ko‘ra, “Agent Mode” deb nomlangan yangi funksiya ChatGPT’ga foydalanuvchi nomidan turli amallarni bajarish imkonini beradi. Masalan, ChatGPT foydalanuvchi o‘rniga onlayn xaridlarni amalga oshirishi, restoranlarda stol bron qilishi, saytlardagi shakllarni (formalarni) avtomatik to‘ldirishi va boshqa interaktiv topshiriqlarni bajara olishi mumkin. Agent rejimi hozircha faqat ayrim premium foydalanuvchilar uchun taqdim etilgan bo‘lib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida u cheklangan veb-saytlar doirasida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Hozirda ChatGPT Atlas brauzeri faqat macOS tizimida mavjud. OpenAI vakillarining ma’lum qilishicha, tez orada Windows, iOS va Android versiyalari ham chiqariladi. Dasturiy ta’minot foydalanuvchining sevimlilari, tarix va parollarini mavjud brauzerlar (masalan, Chrome yoki Safari)dan oson import qilish imkoniyatiga ega.
Brauzerda maxfiylik nazorati ham kuchaytirilgan, foydalanuvchi istasa, o‘z qidiruv tarixi yoki ChatGPT bilan o‘zaro aloqalarini to‘liq o‘chirish yoki “xotirani” vaqtincha o‘chirib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi. ChatGPT Atlas foydalanuvchi ma’lumotlarini modelni qayta o‘qitish uchun ishlatmaydi.
OpenAI bu loyiha orqali brauzer bozorida yirik kompaniyalar bilan bevosita raqobatga kirishmoqda. Masalan, Google o‘zining Chrome brauzeriga Gemini sun’iy intellekt tizimini qo‘shgan, Perplexity kompaniyasi Comet AI nomli brauzerini ishlab chiqdi, Microsoft esa Edge brauzeriga Copilot funksiyasini integratsiya qilgan.
Mutahassislarning fikricha, ChatGPT Atlas ana shu raqobatchilar orasida o‘zining tabiiy tilga ishlov berish qobiliyati, kontekstni chuqur tushunish va foydalanuvchi nomidan real amallarni bajarish imkoniyati bilan ajralib turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI o‘zining ChatGPT sun’iy intellekt chat-boti uchun bolaning ruhiy holati yomonlashganda ota-onani xabardor qilish kabi yangi nazorat funksiyasini e’lon qilgan edi.
