Prezident qarori bilan “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
“Vatandosh” guvohnomasi – xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni ragʻbatlantirish shakli boʻlib, Oʻzbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, mamlakatning boshqa davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan, respublikada xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorlik belgisi hamda “Vatandosh” kartasini olish uchun asos hisoblanadigan hujjat.
Vazirlik va idoralar tomonidan taklif va tashabbus asosida guvohnoma berish boʻyicha taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish uchun komissiyaga tavsiyanoma kiritiladi.
“Vatandosh” kartasi – guvohnoma asosida 5 yil muddatga (vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan oshmagan holda) beriladigan hamda Oʻzbekiston hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi ID karta shaklidagi hujjat.
Kartaga ega vatandoshlarga quyidagi huquqlar beriladi:
Oʻzbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;
mamlakat hududida koʻchmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan koʻchmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shugʻullanish;
Oʻzbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.
Karta egalarining oila aʼzolariga (ota-onasi, er (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:
amaldagi viza muddatini uzaytirishda Oʻzbekiston hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan koʻp martalik viza olish;
Oʻzbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish.