Sud tizimida qog‘ozbozlikdan voz kechish rejalashtirilmoqda
28.02.2025 12:28
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni sud-huquq tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning ochiqlik darajasini oshirish va raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Sud-huquq tizimida qog‘oz hujjat aylanishidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi doirasida sud ishlarini yuritishning to‘liq raqamli formatiga bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilmoqda.
Oliy sudda axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, sun’iy intellektni joriy etish, sud jarayonlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. Sudlar va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida ma’lumotlarni elektron uzatish yo‘lga qo‘yiladi, bu esa ishlarni ko‘rib chiqishni tezlashtiradi.
Davlat rahbari sudlar va barcha manfaatdor tashkilotlarning axborot tizimlarini integratsiyalashuvi muhimligini ta’kidlab, amalga oshirilayotgan islohotlarning real samaralarini insonlar his etishi kerakligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan raqamlashtirishni kengaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot bazasini sud-huquq tizimi bilan samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.