Koʻngilochar tadbir sabab Toshkentning ayrim koʻchalari yopiladi
05.09.2024 13:58
Joriy yilning 6, 7 va 8-sentyabr kunlari Oʻzbekiston milliy kutubxonasi hamda “Hyatt” mehmonxonasiga tutash maydonda yirik koʻngilochar tadbir boʻlib oʻtadi. Shu munosabat bilan hududdagi ayrim koʻchalar yopiladi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi xabar berdi.
Foto: "Daryo"
Maʼlum qilinishicha, mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish hamda jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash maqsadida tadbir oʻtkaziladigan kunlari qator hududlar mashinalar harakati uchun yopiladi:
Istiqlol koʻchasida — Buyuk Turon va Amir Temur koʻchalari oraligʻi;
Buyuk Turon koʻchasida — Istiqlol va Alisher Navoiy koʻchalari oraligʻi;
Zarafshon koʻchasida — Istiqlol va Alisher Navoiy koʻchalari oraligʻi.
Hokimlik haydovchilarga shu kunlarda aylanma yoʻllardan foydalanishni tavsiya qildi.