Tesla yana 1 trillion dollarlik bozor kapitallashuviga erishdi, Ilon Mask esa Donald Trampning g‘alabasidan so‘ng 300 milliard dollar boylikka ega bo‘lgan insonga aylandi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tesla kompaniyasining bozor qiymati 10 foizdan ortiqqa o‘sib, aksiyalar narxi deyarli 330 dollarga yetgan. Bu esa 2022 yilning aprelidan beri birinchi marta kompaniyaning bozor kapitalini yana 1 trillion dollarga qaytishiga sabab bo‘ldi. Shu asosda Maskning boyligi ikki yil ichida birinchi marta 300 milliard dollardan oshdi. Xususan, bir kunda uning boyligi 13 milliard dollarga ortib, uni eng yaqin ta’qibchisi Larri Ellisondan 70 milliard dollarga boyroq qildi.
Mask Tesla kompaniyasining eng katta aksioneri bo‘lib, 13 foiz aksiyaga ega. Ushbu ulush qiymati taxminan 130 milliard dollarni tashkil etadi. Ammo Tesla aksiyalari hali ham 2021 yil oxiridagi eng yuqori qiymatlaridan 25 foiz past. O‘sha paytda uning boyligi 320 milliard dollarga yetgan.
Ma’lumot uchun, Mask yaqinda AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Trampni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, uning saylovoldi kampaniyasiga 130 million dollar xayriya qilgan. Ba’zi tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Trampning g‘alabasi Tesla uchun foydali bo‘lishi mumkin. Masalan, elektrotransportga bo‘lgan soliqqa tortish imtiyozlarini bekor qilish kompaniyaga raqobat ustunligini berishi, Xitoy avtomobillari bo‘yicha tariflarni qo‘llab-quvvatlash va Tesla’ning yagona transport vositalari bo‘yicha innovatsiyalarining tezroq tasdiqlanishini ta’minlashi mumkin.