Bugun Hizbulloh harakatining sobiq rahbari Hasan Nasrulloh vafot etganiga 40 kun bo‘ldi. Uning yangi rahbari Naim Kasem xotira nutqi bilan chiqdi. Unda u guruh mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga ishonmasligini va AQSH prezidentlik saylovlari natijalariga parvo qilmasligini aytdi, deb yozadi Sky news arabia.
“Amerika saylovlarida Kamala Xarris yoki Donald Tramp g‘alaba qozonadimi, biz uchun farqi yo‘q”, – deydi Naim Kasem.
Shuningdek, u bu (AQSH saylovlari — tahr.) umumiy siyosiy yo‘nalishga ta’sir qilmasligini va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni to‘xtatib qo‘ymasligini ta’kidladi.
“Biz umidlarimizni siyosiy voqealar bilan bog‘lamaymiz. Hizbulloh dushman o‘z tajovuzini to‘xtatgandan keyingina o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor bo‘ladi”, – dedi Kasem.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Hizbullohning dushmanga qarshi kurashish uchun tayyorlangan o‘n minglab jangchilari bor.
Bungacha Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev topshirig‘iga binoan Qozog‘istonning tegishli davlat organlari ishtirokida Qozog‘iston fuqarolari va ularning oila a’zolarini Livandan evakuatsiya qilish choralari ko‘rildi.