Kecha, 6-noyabrdan 7-noyabrga o'tar kechasi soat 01:00 da UEFA Chempionlar ligasining 4-turi doirasida Fransiyaning "Pari Sen-Jermen" klubi Ispaniyaning "Atletiko"sini qabul qildi.
"Park de Prens" stadionida o'tgan uchrashuv mehmonlarning 1:2 hisobidagi irodali g'alabasi bilan yakunlandi. Parijliklardan Zair Emeri, madridliklardan esa Molina va Korrea gollarga mualliflik qilishdi.
E'tiborli jihati ushbu o'yinda mezbonlar muxlislari Falastinni qo'llab-quvvatlovchi bannerlarni namoyish etishdi. Muxlislar ko'targan bannerlarda "Ozod Falastin", "Maydonda jang, lekin dunyoda tinchlik bo'lsin" mazmunidagi yozuvlarni ko'rish mumkin edi.
Shuningdek bannerda Falastin va Livan bayroqlari, Quddusning ramziy gumbazi rasmlari ham bor edi.
Ma'lumot uchun: 2023-yilning 7-oktyabrida G'azo sektorida boshlangan notinchliklar oqibatida 43 mingdan ziyod odam halok bo'ldi va mazkur hudud inson yashab bo'lmaydigan darajada zararlandi.