Dastlabki toʻrtta oʻyinda 3 gʻalaba va bir durang bilan 10 ochkoni qoʻlga kiritgan yigitlarimiz “A” guruhida 2-oʻrinni egallab turibdi. Biz bilan ochkolari teng Eron gollar nisbatiga koʻra guruhda pechqadamlik qilmoqda. Forslar 6 gol urib, 1-martagina davrozasidan toʻp olib chiqqan. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich 5:2 ga teng.
Bugungi uchrashuvda Srechko Katanes shogirdlarining har qanday natijasi ham guruhdagi “issiq oʻrnimizning” yoʻqotilishiga olib kelmaydi. Magʻlubiyat ham, durang yoki gʻalaba ham bizdan ikkinchi oʻrinni tortib ololmaydi. Ammo azaliy maqsadimiz, toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi boʻlgan Jahon chempionatiga chiqish uchun bugun bizga faqat va faqat gʻalaba kerak.
Raqibimiz anoyilardan emasligi bor gap. Oʻzbekistonga doimo “bosh ogʻriq” boʻladigan qatarliklar bilan oxirgi oʻyinimiz durang bilan yakunlangan, guruhda esa ular bilan 6 ochkolik farq mavjud. Ispaniyalik mutaxassis Markes Lopes qoʻl ostida toʻp suradigan Qatar “A” guruhida gol urish boʻyicha eng yaxshi va darvozasi daxlsizligini saqlash boʻyicha eng yomon koʻrsatkichga ega. Ortda qolgan 4 oʻyinda raqiblarimiz 7 gol urib, 10 ta toʻpni oʻtkazib yuborgan. Shundan kelib chiqib Qatarni tom maʼnoda guruhdagi eng kuchli hujum va eng zaif himoyaga ega jamoa deyish mumkin.
Bu esa Oʻzbekistonga bir jihatdan ustunlik bersa, boshqa tomondan ogohlik qoʻngʻirogʻi ham boʻladi. Chunki Qatar hujumidagi 28 yoshli Almuoz Ali va jamoaning eng qimmat oʻyinchisi (6 mln yevro) 27 yashar Akrom Afif himoyachilarimizga yaxshigina muammo keltirib chiqarishi mumkin.
Muxlislar deyarli yodlab olgan tarkibga yana ishonch bildirishi kutilayotgan Katanes bu safar maydonda boʻladi. Avvalgi 2 oʻyinda salomatligi bilan bogʻliq muammolari sabab oʻyinni onlayn tomosha qilib, masofadan koʻrsatmalar bergan Katanes janoblari bugun bevosita murabbiy kursisidan turib boshqaruvni oʻz qoʻliga oladi.
Bugun yigitlarimiz gʻalaba qozonsa bu jamoamizni mundialga doimgidan ham yaqinlashtiradi. Guruhda 13 ochko bilan ikkinchi oʻrinni mustahkamlab olishimiz yoki toʻplar nisbatini yanada yaxshilagan taqdirimizda peshqadamga aylanishimiz ham mumkin. Saralashning bu bochqichi yakunida birinchi va ikkinchi oʻrinni egallagan jamoalar toʻgʻridan-toʻgʻri 2026-yilgi Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi hisobga olinsa, hozir bu yoʻllanmaga ancha yaqinligimizni koʻrish mumkin.
Faqat yigitlar bugun va kelgusi oʻyinlarda maydonda borini berib oʻynashi, chiroyli oʻyin koʻrsatmasa ham gʻalabani naqd qilishi kerak. Chunki JCHga chiqolmagan jamoaning chiroyli oʻyini emas, mundialga borolmagani gapiriladi. Jahon chempionatiga chiqqan jamoani esa hech kim chiroyli oʻyin koʻrsatmaganlikda ayblamaydi.
Bugun Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan birinchi navbatda gʻalaba va undan soʻng jozibador oʻyin kutamiz. Bu yigitlarning qoʻlidan kelishiga ishonamiz. Olgʻa, Oʻzbekiston!
Sherali Soliyev