Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori
qabul qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan bo‘lib, u Davlat chegarasini jihozlash, Davlat chegarasini shaxslar va transport vositalari tomonidan kesib o‘tish, u orqali tovarlarni olib o‘tish, chegarada xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, chegaraviy mojarolarni hal etish tartibini belgilaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom chegara zonasiga kirish (undan chiqish), undan o‘tish, u yerda bo‘lish (yashash), harakatlanish, xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Chegara zonasida doimiy yashaydigan shaxslar chegara zonasi doirasida ro‘yxatga olish varaqasini olmasdan harakatlanishi mumkin. Chegara zonasida doimiy yashamaydigan va 5 kundan ortiq muddatga keladigan fuqarolar ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan ro‘yxatga olish varaqasini olishlari shart. Buning uchun ular profilaktika inspektori yoki mahalla fuqarolari yig‘ini raisiga murojaat etishlari lozim.
Ro‘yxatga olish varaqasini amal qilish muddati – bir oy. Uning shakli bilan shu yerda tanishish mumkin.
Chegara zonasida joylashgan aholi punktlariga xizmat safariga yuboriladigan shaxslar ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va xizmat safari hujjatlariga ega bo‘lishlari lozim.
Chegara zonasida joylashgan sanatoriy, dam olish uylari, pansionatlar, turistik bazalar va boshqa davolash-sog‘lomlashtirish muassasalariga boradigan fuqarolar ushbu zonada shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, sanatoriya va turistik yo‘llanmalar yoki ushbu muassasalar tomonidan beriladigan ma’lumotnomalar bo‘yicha bo‘ladilar.
Bolalar chegara zonasida joylashgan dam olish oromgohlari va bolalar uchun boshqa muassasalarda yo‘llanmalar asosida bo‘ladi. Ushbu muassasalardagi bolalarning ota-onalari farzandlarini ko‘rish uchun chegara zonasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida 5 kun davomida bo‘ladilar.