Unda qayd etilishicha, 2023-yili ushbu xastalik dunyo bo‘yicha 8,2 million kishida aniqlangan. Xavotirli jihati, bu 2022-yilga nisbatan 0,7 millionta ko‘p va 1995 yildan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
“2023-yilda sil yuqumli kasalliklardan o‘lim holatlarining asosiy omiliga aylanib, bu borada COVID-19 ni ortda qoldirdi, — deyiladi hisobotda. — O‘tgan yili tuburkulyoz oqibatida 1,25 million kishi hayotdan ko‘z yumgan va bu ko‘rsatkich undan avvalgi yilga nisbatan biroz kamaygan bo‘lsa-da, bemorlar soni taxminan 10,8 million nafarga oshgan".
Eng ko‘p kasallanish holatlari Hindiston (26 foiz), Indoneziya (10 foiz), Xitoy (6,8 foiz), Filippin (6,8 foiz) va Pokiston (6,3 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
JSST xulosasiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab tuberkulyozning dorilarga chidamli turlari keng tarqalishi “inqiroz omili”dir. O‘z navbatida, tashkilot mazkur yuqumli kasallikning rivojlanish xavfini oshiradigan besh asosiy omilni keltirib o‘tdi.
Bular — to‘yib ovqatlanmaslik, OIV infeksiyasi, spirtli ichimliklar asoratlari bilan bog‘liq kasalliklar, chekish va qandli diabet.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tuberkulyozni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazildi va bu JSSTning xastalikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mosdir.
Shuningdek, Prezident va Hukumat qarorlarida belgilangan chora-tadbirlar tufayli so‘nggi yillarda yurtimizda tuberkulyoz bilan kasallanish darajasi 1,5-2 barobar, o‘lim holatlari 6-8 barobar kamaydi. Bu — dunyoning juda kam sonli davlatlari erishgan ko‘rsatkich.