Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mamlakatda joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Qardosh O‘zbekiston tarixida ilk bor aralash saylov tizimida o‘tkazilgan ushbu ovoz berish mamlakatingizning demokratik davlat qurilishi tamoyillariga sodiqligini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Ovoz berish natijalari xalqingizning siz qat’iy qaror qilgan siyosiy yo‘nalishga ishonchini, O‘zbekistonni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlaringizni chinakam qo‘llab-quvvatlayotganining ifodasidir. Yangi tarkibda ish boshlaydigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilayman”, deyiladi tabrikda.
Ma’lumot uchun, Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkazildi.
Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.