13-11-2025 09:58

Davlat tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan paket doirasida bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlardan tashqari xizmatlar qo‘shimcha hisoblanadi va pulli asosda ko‘rsatiladi.
Mijoz tibbiyot muassasalarining ro‘yxatga olish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi. Har bir mijozning tibbiy kartasiga uning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlari asosida pulli xizmat ko‘rsatilishi belgilanadi. Mijozlar tibbiyot muassasasiga to‘lovni oldindan to‘liq to‘lash shartlarida qabul qilinadi.
Tibbiyot muassasalariga kelgan shaxslar tasdiqlangan narxnoma bo‘yicha haq to‘lagandan so‘ng maslahat olish uchun mutaxassis shifokorga va (yoki) instrumental-laborator tashxis qo‘yishga yuboriladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yuborish va (yoki) mijozga ambulator yoki statsionar sharoitda davolanish chorasi belgilanadi.
Konstitutsiyaning 48-moddasida O‘zbekiston fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekani ko‘rsatilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, ayni paytda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi 28 ta diagnostik tekshiruv, 22 ta laborator tahlil, 138 turdagi dori vositalari, 57 ta tibbiy buyumlar, eng ko‘p uchraydigan 110 ta tashxis, shuningdek, tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 76 ta tibbiy buyumlar, 27 ta operativ davo hamda eng ko‘p uchraydigan 257 ta tashxis kiritilgan bo‘lib, davlat hisobidan bepul taqdim etiladi.
Davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmat turlarini pullik asosda tashkil etishga ham ruxsat berildi. Pulli xizmatlardan kelib tushgan mablag‘larning 75 foizgacha bo‘lgan qismi tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
