12-11-2025 11:46

O‘zining bir qator afzalliklarga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan uzoq vaqt inson idroki va hissiyotlariga jiddiy ta’sir qiladi. Tadqiqotchilar fikricha, bu jarayon ko‘pincha tashvish, ruhiy zo‘riqish va stressni keltirib chiqaradi. 4 noyabr kuni Science X jurnali chop etgan maqolada aynan shu holat chuqur tahlil qilindi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy tarmoqlardan kelib chiqadigan stressni o‘lchash va uni real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Buning uchun ijtimoiy stress indikatori deb ataluvchi yangi vosita ishlab chiqilgan. U internetda bo‘layotgan voqealarga jamiyat qanday munosabat bildirishini kuzatadi va stress kuchayishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida oldindan ogohlantiradi. Bu usul ijtimoiy muhitdagi kayfiyat o‘zgarishlarini “sezadigan” raqamli asbob sifatida baholanmoqda.
Kompyuter infodemiyasi (ya’ni internetdagi axborot oqimi) bo‘yicha mutaxassis, doktor Xerkulas Kombrink bu indikator qanday ishlashini batafsil tushuntirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy stress — bu inson yoki jamiyat o‘zini noaniqlik, qarama-qarshilik yoki tez o‘zgarayotgan sharoitda his qilgan paytdagi ichki zo‘riqishdir. Bunda gap faqat shaxsiy xavotir haqida emas, balki butun jamiyatning tengsizlik, yolg‘on axborot (dezinformatsiya) yoki siyosiy o‘zgarishlar kabi omillarga nisbatan hissiy javobi haqida bormoqda.
Ijtimoiy stress indikatori — bu raqamli davr uchun mo‘ljallangan ilg‘or algoritmik kuzatuv tizimi. U internetdagi matnlar va odamlarning qidiruvlari orqali ularning kayfiyatini o‘lchaydi. Masalan, u vaksinatsiya, saylovlar, iqtisodiy vaziyat kabi mavzularda jamiyat orasida paydo bo‘layotgan bezovtalik, g‘azab yoki xavotir darajasini aniqlab bera oladi.
Mutaxassislarning aytishicha, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar shunchaki oddiy muloqot vositasi emas. Ular hissiyotlar, qo‘rquvlar va jamoatchilik bosimi to‘qnashadigan maydonga aylandi. Shuning uchun ham stressni raqamli muhitda kuzatish zaruratga aylandi.
Ijtimoiy stress ko‘rsatkichi ma’lum bir mavzu bo‘yicha “raqamli termometr” kabi ishlaydi. U odamlarning yozgan fikrlarini tahlil qiladi va uchta asosiy omilga e’tibor beradi:
1. Kayfiyat tahlili — matndagi salbiy hissiyotlarni aniqlaydi;
2. Subyektivlik — odamning shaxsiy fikrini qanchalik kuchli ifodalaganini o‘lchaydi;
3. Qidiruv — jamoatchilik muayyan mavzuga qanchalik qiziqayotganini va tashvishlanayotganini ko‘rsatadi.
Shu ma’lumotlar asosida ijtimoiy stress indeksi hisoblab chiqiladi. Bu indeks turli hissiy ko‘rsatkichlarni birlashtirgan raqamli bahodir: salbiy kayfiyat — tashvish belgisi, subyektiv fikr — hissiy og‘irlik, qidiruvdagi faollik esa — jamoatchilikning shoshilinchligini bildiradi.
Indikator erta ogohlantirish tizimi sifatida ishlaydi. U “raqamli silkinishlar”ni, ya’ni internetdagi keskin kayfiyat o‘zgarishlarini, “ijtimoiy zilzilalar”ga aylanmasdan oldin sezadi. Bu orqali mutasaddilar vahima, noto‘g‘ri axborot tarqalishi, siyosiy beqarorlik yoki sog‘liq bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlashlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, indikator raqamli platformalarni boshqarish, inqirozlarni monitoring qilish, aholining ruhiy holatini nazorat qilish va ijtimoiy tartibsizliklarning oldini olishda ham foydali bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, model hali mukammal emas. U sezgirlikni oshirishga muhtoj: ba’zida stress darajasi keskin oshsa ham, tizim buni darhol sezmay qoladi, chunki u qisqa muddatli “hissiy portlashlar”dan ko‘ra uzoq muddatli tendensiyalarga ko‘proq e’tibor beradi. Bundan tashqari, indikator kayfiyat, subyektivlik va qiziquvchanlikni teng vaznda baholaydi, bu esa ba’zan real xavotir darajasini pasaytirib ko‘rsatishi mumkin.
Yana bir muammo shundaki, bu vosita istehzo, trolling yoki yashirin nafratni aniq tahlil qila olmaydi — inson buni sezadi, lekin model uchun buni farqlash qiyin. Shuningdek, indikator sintetik validatsiya, ya’ni sun’iy ma’lumotlar orqali tekshirilishiga tayanadi. Bu esa real hayotdagi murakkab va beqaror vaziyatlarda uning foydaliligini kamaytiradi.
Olimlar ta’kidlashicha, bu texnologiyani yanada yaxshilash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar va ma’lumotlar bazasini kengaytirish zarur. Shundagina ijtimoiy stress indikatorlari raqamli dunyoda inson ruhiyatini himoya qilishda, jamiyatdagi xavotirlarni vaqtida aniqlashda va ularni yengillashtirishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
