11-11-2025 09:54

Mutaxassislarning fikricha, odam o‘zining “bolalikdagi qiyofasi” bilan bog‘liq tasvirlarni ko‘rganida, miya o‘sha davrga oid esdaliklarni kuchliroq faollashtiradi.
Olimlar tajriba ishtirokchilariga o‘z yuzlarining harakatlanuvchi videotasvirlarini ko‘rsatdilar. Bitta guruhda videodagi yuzlar yoshroq ko‘rinish beradigan tarzda maxsus tahrir qilindi, ya’ni, ishtirokchilarning “bolalarcha” versiyasi yaratilgan. Ikkinchi guruh esa o‘z yuzlarini hozirgi holatda, o‘zgartirilmagan shaklda ko‘rdi.
Videoni tomosha qilgandan so‘ng, har ikki guruhdan ishtirokchilarga bolalik davridan va o‘tgan yildan esda qolgan voqealarni eslab, tafsilotlarini so‘zlab berish so‘raldi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, “bolalikdagi” qiyofasini ko‘rganlar o‘zining erta yoshdagi hayotiga oid xotiralarni aniqroq va hissiyotlarga boy tarzda qayta eslay olishdi. Ular o‘sha davrda kechirgan his-tuyg‘ular, tovushlar yoki hidlar haqida ham ko‘proq ma’lumot bera olishdi. Biroq o‘tgan yildagi xotiralarni eslashda bu usul hech qanday sezilarli farq bermagan.
Tadqiqot rahbari, professor Jeyn Aspel bu holatni quyidagicha izohladi:
“Bizning xotiralarimiz faqat so‘zlar yoki suratlardan iborat emas. Ular o‘sha davrda tanamiz his qilgan tajribamiz bilan ham chambarchas bog‘liq. Inson o‘zining bolalikdagi qiyofasini ko‘rganida, miya uni o‘sha davr holatiga qaytaradi. Bu esa ilgari unutilgan xotiralarni jonlantirish uchun zarur bo‘lgan hissiy signallarni faollashtiradi”.
Mutaxassislarning fikricha, bu kashfiyot xotira mexanizmlarini chuqurroq tushunish uchun yangi yo‘nalish ochadi. Kelajakda ushbu usuldan kognitiv buzilishlar, Alsgeymer kasalligi yoki travmatik amneziyadan aziyat chekayotgan bemorlarning xotirasini tiklashda foydalanish mumkin.
Ba’zi psixologlar bu yondashuvni emotsional terapiyada ham qo‘llash mumkinligini aytishmoqda. Masalan, inson o‘zining bolalikdagi qiyofasi bilan “uchrashib”, o‘sha paytdagi his-tuyg‘ularni qayta boshdan kechirsa, bu stressni kamaytirish, o‘zini tushunish va ruhiy muvozanatni tiklashga yordam berishi mumkin.
