2021-yil 10-yanvarda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida Sadir Japarov 79,2 foiz ovoz olib, g‘alaba qozondi. Sadir Japarov davlat rahbari sifatida faoliyat yuritgan yillarida iqtisodiyotni mustahkamlash, infratuzilmani rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qildi. Prezidentning birinchi harakatlari: parlament hokimiyatidan prezidentlik hokimiyatiga o‘tish, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, “Qumtor” oltin konini davlat tasarrufiga qaytarish. Qayd etish joizki, xorijiy kompaniya “Qumtor” konida faoliyat yuritgan 28 yil davomida 420 tonnadan ortiq oltin qazib olinib, respublikaga 1 tonnadan ortiq foyda keltirgan. Davlat mulkiga o‘tish bilan “Qumtor” 1,2 milliard dollardan ortiq sof foyda oldi, umumiy daromad esa 3,4 milliard dollardan oshdi. Faqat oxirgi ikki yilda davlat 291 million dollar dividend olgan.
Qirg‘izistonda korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi faol kurash olib borilmoqda. Korrupsiyaga qarshi ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida milliardlab so‘m mablag‘lar g‘aznaga qaytarildi. Prezident mamlakat imidjini oshirish uchun xorijiy davlatlarga faol safar qildi. Qirg‘iziston ham qator oliy martabali mehmonlarni, jumladan, davlat va rasmiy tashriflar bilan kelgan davlat rahbarlarini qabul qildi. Natijada bir qancha yirik xalqaro loyihalar amalga oshirildi, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara masalalarini hal etish bo‘yicha kelishib olindi. Davlat mulkini qaytarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident rahnamoligida qisqa muddatda mahalliy aeroportlar qayta tiklandi, to‘liq rekonstruksiya qilindi yoki yangidan barpo etildi, ichki reyslar qayta tiklandi.
Qirg‘iziston Prezidenti erishgan yutuqlar qatorida 100 dan ortiq yangi korxonalar, jumladan, oltin qazib olish va avtomobilsozlik zavodlari barpo etilgani, Qambar-Ota-1 GESi kabi yirik loyihalar ishga tushirilgani, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, yuzlab maktab va bolalar bog‘chalari, kasalxonalar va yo‘llar qurilganini e’tirof etish mumkin.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida erishilayotgan yutuqlarni alohida ta’kidlash joiz. Eng kam pensiya miqdori 1800 somdan 6900 somga ko‘tarildi. O‘rtacha pensiya miqdori 10 ming 547 somni tashkil etdi. “Bala bereke” nafaqasi belgilandi: ayrim hududlarda sakkizinchi farzand tug‘ilishi uchun 1 million som beriladigan bo‘ldi. So‘nggi to‘rt yil ichida Qirg‘izistonda ko‘plab ijtimoiy obyektlar qurildi.
Sadir Japarov rahbarligining to‘rt yilida eski qoliplarga barham berildi, yangi boshqaruv poydevori qo‘yildi, iqtisodiyot jonlandi, xalqaro aloqalar mustahkamlandi, ishlab chiqarish hajmi ko‘paydi, yirik loyihalar amalga oshirildi. Prezident Qirg‘izistonni dunyoning eng rivojlangan 30 ta davlati qatoriga kiritishga intilmoqda. Xullas, bugun Qirg‘iziston kelajakka ishonch bilan qaraydi.
Abduvali Soipnazarov,
Siyosiy tahlilchi.