Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Oʻzbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, ayni paytda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi oʻrinbosari Abdulaziz Komilovni Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun taqdirladi.
“Türkmenistan Bu gün” xabariga koʻra, unga “Hurmatli el yoshullisi” (“Hormatly il ýaşulusy”) unvoni topshirildi.
Prezident farmonida Komilovning milliy anʼanalarni rivojlantirish, yosh avlodni tarbiyalash, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-madaniy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishdagi xizmatlari alohida qayd etilgan. Shuningdek, shoir Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligi munosabati bilan Komilov “Maxtumquli Firogʻiyning 300-yilligi” yubiley medali va yodgorlik belgilari bilan taqdirlandi.