Rossiya Tergov qo‘mitasi FXX va IIV hamkorligida O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosini terrorchilik hujumi sodir etishda gumon qilib, qo‘lga olgan.
U 17-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘ldirilishida ayblanyapti. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga tayanib, «RIA Novosti» xabar berdi
«U Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qo‘lda yasalgan portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turar joy binosiga kiraverishida turgan elektr skuteriga qo‘ygan. Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish maqsadida u avtomashina ijaraga olib, u yerda videokuzatuv kamerasini o‘rnatgan. Ushbu kameradan olingan kadrlar Dnepr shahridagi terakt tashkilotchilariga onlayn tarzda uzatib turilgan. Harbiy eshikdan chiqib ketayotgani haqida videosignal olinganidan keyin portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirilgan», — deyiladi Rossiya tergov qo‘mitasi bayonotida.
Rus OAVining iddaosiga ko‘ra, qotillik sodir etgan O‘zbekiston fuqarosiga Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan 100 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli va Yevropa ittifoqiga chiqish va’da qilingan.
Qotillikda gumonlangan o‘zbekistonlik erkak Moskva viloyati Balashixa tumanidagi Chernoye qishlog‘ida qo‘lga olingan.