Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning UzNews.uz'ga xabar qilishicha, bugun 17-dekabr kuni taxminan tonggi 05:00 larda Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan Lion Park xususiy hayvonot bog‘ida bir qafasda saqlanayotgan 3 ta sher hayvoni qafasdan hayvonot bog‘i hovlisiga chiqib ketgan.
Shu payt ularni katakka qaytarmoqchi bo‘lgan 1980-yilda tug‘ilgan park qorovuliga sherlar hujum qilishgan va uni o‘ldirib, yemish sifatida tana a’zolarini iste’mol qilishgan.
Mazkur holat hayvonot bog‘i xodimlilari tomonidan soat 09:00 larda aniqlanib, 2 ta sher uxlatuvchi dori vositalar qo‘llanilgan holda katakka qaytarilgan, 1 ta sher mahalliy ovchi taklif qilingan holda otib o‘ldirilgan.
Voqea joyiga, shu kuni soat 10:00 da tuman IIB navbatchilik qismiga MCHJ ma’muriyati tomonidan berilgan xabar asosida tuman IIB navbatchilik guruhi, tuman prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, viloyat ekologiya boshqarmasi xodimlari va IIB maxsus qurollangan jangovar guruhi chiqilib, voqea joyi va F. Irisqulovning jasadi qoldiqlari ko‘zdan kechirilgan hamda STE va DNK ekspertizalari tayinlangan.
Shuningdek parkda mavjud bo‘lgan barcha yirtqich hayvonlar sanoqdan o‘tkazilib, ular joy-joyida ekanligi va kataklar mahkamlangan holdaligi aniqlangan.
Hozirda Parkent tuman prokuraturasi tergov-tezkor guruhi va ekologiya vazirligi hamda “Toshkent hayvonot bog‘i” DM mutaxassislari tomonidan zarur tekshiruv va surishtiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.