Toshkent shahrida inson o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 26-oktyabr kuni tunda Yangihayot tumani 4R21 Toshkent halqa avtoyo‘lida yuz bergan. Unda «Isuzu» rusumlik yuk mashinasi qayrilib olish harakatini amalga oshirayotgan boshqa bir yuk mashinasining orqa qismiga borib urilgan.
Hodisa oqibatida 37 yoshli «Isuzu» haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan.
Holat yuzasidan IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.