BAAda hibsga olingan va Isroil ravvinini o‘ldirishda gumon qilinayotgan uch nafar gumonlanuvchi O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Emirates News Agency davlat axborot agentligi mamlakat Ichki ishlar vazirligi bayonotiga tayanib ma’lum qilgan.
BAA IIV gumonlanuvchilarning ism-sharifini ma’lum qildi: Olimboy Tohirovich (28 yosh), Mahmudjon Abdurahim (28) va Azizbek Komilovich (33). Vazirlik, shuningdek, qo‘liga kishan solingan va yuzlarini berkitgan uch nafar erkakning suratlarini ham e’lon qilgan.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olinganlarga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va «jinoyat tafsilotlari, holatlari va sabablarini ochish uchun zarur tezkor choralar ko‘rishga sodiqlik» ta’kidlangan.
28 yoshli ravvin Svi Kogan o‘tgan hafta Dubayda bedarak yo‘qolgan, u yerda Kogan kosher mahsulotlari do‘koni egasi bo‘lgan. Keyinchalik u Ummon bilan chegaradosh Al-Ayn shahrida o‘lik holda topilgan.
Shuningdek, Moldova fuqaroligiga ega bo‘lgan Kogan Abu-Dabidagi «Xobod» yahudiy diniy harakatining vakili bo‘lib, bir necha yil BAAda yashagan.
Isroil hukumati ravvinning o‘ldirilishini «aksilsemit terakt» deb atadi. Isroil maxsus xizmatlari Koganni Eron tomonidan yollangan «uch nafar o‘zbek agenti» o‘ldirganini ma’lum qilgan.