Bosh prokuratura tomonidan Komil Allamjonovga sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bogʻliq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Bu haqda tashkilot axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etish kerakki, Qibray tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga suiqasd qilishga urinish boʻlgan edi.
Tergov harakatlari davomida hodisa sodir boʻlgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida boʻlgan avtomashinalarni koʻzdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda oʻtkazilgan tintuvlarda ishga aloqador boʻlgan ashyoviy dalillar aniqlanib olingani aytilmoqda.
“Oʻtkazilgan tergov va tezkor–qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador boʻlgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi, shuningdek 2 nafariga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan edi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi K.S.ning Qozogʻiston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan. Bundan tashqari, qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilingani ham xabar qilinmoqda.
Tergov harakatlari davom etmoqda.