Sudlanuvchi erkak maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlab, umumiy ro‘zg‘or asosida 2 ayol bilan yashab kelgan.
Avvalroq, Sirdaryoda erkak rashk sabab xotinini do‘pposlab, sochini olib tashlagani va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar qilingan edi.
Ma’lum qilinishicha, Guliston shahrida yashovchi fuqaro Q.B. turmush o‘rtog‘i fuqaro N.E. (ayol) bilan rashk oqibatida o‘zaro janjallashib qolgan. Oqibatda erkak xotini tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Bundan tashqari, sochlarini olib tashlagan.
Aniqlanishicha, erkak maktabda jismoniy tarbiya fanidan o‘qituvchi lavozimida faoliyat olib borgan. Shuningdek, u umumiy ro‘zg‘or asosida ikki ayol bilan yashab kelgan. Jabrlanuvchi ayol uning birinchi qonuniy turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.
Holat yuzasidan sud ishi JIB Guliston shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, erkak JKning 126 (ko‘p xotinli bo‘lish) va 126-1 (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.