Majlisda davlatimiz rahbari Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Avvalo, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6-7 foiz atrofida ta’minlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, budjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi.
Ushbu davrda Hukumat kamida 100 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga hamda yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishga erishishi lozimligi ta’kidlandi.
Xorijiy turistlar oqimini 5 yilda 15 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga norasmiy iqtisodiyotni “soyadan chiqarish”da raqamli texnologiyalarni tayanch vositaga aylantirish lozim. Xususan, kelgusi yilda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yanada rag‘batlantirib, onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish muhim vazifa bo‘ladi.
Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik doirasida asosiy chora-tadbirlar amalga oshirilgani va yaqin yillarda ushbu tashkilotga albatta a’zo bo‘lib kirishimiz ta’kidlandi.