Jizzax viloyatida Cobalt yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan 13 va 4 yoshli opa-singillarni urib ketdi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 18-noyabr kuni soat 19:30 larda Baxmal tumani hududidan o‘tgan “G‘allaorol-Baxmal-Supa-Zomin” 4R-41 yo‘lining 29-kilometrida sodir bo‘lgan. Baxmal tumani “Qutlug‘obod” MFY Kaltatoy qishlog‘ida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan A.O. Cobalt rusumli avtoulovini O‘smat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelayotib, yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodalar, 2011-yilda tug‘ilgan I.M. va uning singlisi 2020-yilda tug‘ilgan I.K.larni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Oqibatda opa-singillar turli tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan gumonlanuvchi O.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi va 117-modda (Xavf ostida qoldirish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U hozirda ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonaga joylashtirilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.