Qayd etish kerakki, Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini tartibga soladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs hisoblanadi. Shuningdek, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Ombudsman faoliyati qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, xolislik va ochiqlik kabi asosiy prinsiplardan iborat boʻladi.
Qonunga koʻra, saylanish kuni 30 yoshga toʻlgan, kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.
Qonun bilan Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5-yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs Ombudsman lavozimiga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emasligi belgilandi.
Ombudsman siyosiy partiyaga aʼzolikni yoki unda ishtirok etishni oʻz vakolatlari muddatiga toʻxtatib turishi yoxud tugatishi shart boʻlib, shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Shuningdek, Ombudsman fuqarolarning shikoyatlari asosida oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga egaligi belgilandi
Qonunga koʻra, Ombudsman fuqarolarning, respublika hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi hamda oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga ega.
Bundan tashqari, Ombudsman murojaat etuvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida maʼlum boʻlib qolgan paytdan eʼtiboran yoki boshqa vositalardan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan boʻlsa, uning shikoyati boʻyicha oxirgi qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
Ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma Ombudsmanning taʼsir choralari hisoblanadi. Inson huquqlari boʻyicha vakil qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.
Shuningdek, Ombudsman va uning oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (bundan taksi va shahar yoʻlovchilar transporti mustasno) imtiyozli yurish huquqiga ega.