Joriy yilning iyul oyida Samarqand viloyatida Urgut tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 kishi vafot etgan. Ushbu YTHga sababchi bo‘lgan 21 yoshli haydovchi sud hukmi bilan 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Yo‘l-transport hodisasi yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan va 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qil.
Ma’lumot uchun, ushbu YTH joriy yilning 29-iyul kuni soat 12:30 larda Samarqand viloyati Urgut tumani “Xo‘jaguzar” MFY hududidan o‘tuvchi “Urgut-G‘o‘s-Avazmergan” avtomobil yo‘lining 5-kilometrida sodir bo‘lgan. 2003-yilda tug‘ilgan Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi “Urgut-G‘o‘s” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan 1991-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Damas rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Hodisa oqibatida Damas rusumli avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida, yana bir yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, yana ikki nafar Damas yo‘lovchilari va Cabalt avtomobili haydovchisi tan jarohatlari olib tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.