Xabarda aytilishicha, 23 oktyabr kuni Samarqand viloyati tumanlaridan birida 8-sinf o‘quvchisi o‘g‘irlab ketilgan. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ular qizlari yo‘qolgani haqida ariza yozishgan. Badanida zo‘ravonlik izlari bo‘lgan qiz 6 noyabr kuni topilgan. Qizning so‘zlariga ko‘ra, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburlab, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zo‘rlashgan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borishgan.
Xabarda, shuningdek, mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘z vakolati doirasida kuzatuv olib borayotgani aytilgan.
Nashr, bundan tashqari, gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda voyaga yetmagan qizga nisbatan tegishli sud-tibbiyot va biologik ekspertizalari tayinlangani haqida qo‘shimcha qilgan.
Shuningdek, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov hodisa yuzasidan ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, 2024 yil 6 oktyabr kuni voyaga yetmagan qiz bir necha shaxs tomonidan zo‘rlangani haqida ariza bilan murojaat qilgan.
Ariza yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlangan.
U joriy yil 30 oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan ishdan bo‘shatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga ko‘ra, 31 oktyabr kuni Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
So‘ng jinoyat ishi tergovga taalluqliligi bo‘yicha ichki ishlar organiga yuborilgan.
Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan. 8 nafar shaxs, shu jumladan Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan. Bir nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan prokuratura nazorati o‘rnatilgan.
Ma’lumot uchun, qiz 2024 yil 23 sentyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, qarindoshlari qiz yo‘qolgani haqida ariza yozishgan. Jabrlanuvchi oradan 13 kun o‘tib, 6 oktyabr kuni badanida zo‘ravonlik izlari bilan topilgan.