Surxondaryolik yigit o‘z tug‘ishgan opasini begona erkak bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani uchun yog‘och bilan kaltaklab o‘ldirgan, deb xabar berdi "Millar" ko‘rsatuvi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur fojia joriy iylning avgust oylarida Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida sodir bo‘lgan.
"Gumonlanuvchi onasining qarshiligiga qaramay, o‘z opasini begona erkak bilan ishqiy munosabatlari sabab yog‘och bilan ayovsiz kaltaklab, unga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan va opa olgan jarohatlar tufayli voqea joyida vafot etgan", — deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan sud ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Bo‘lib o‘tgan sud ishida uka o‘z aybiga iqrorligi va qilgan jinoyatidan afsusda ekanini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi "j" bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 85-moddasi tartibida 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, tayinlangan jazo muddati tarbiya koloniyalarida o‘talishi belgilangan.