Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy Dubay xalqaro aeroportida samolyotdan tushish vaqtida oyog‘ini sindirib oldi.
Bu haqda Dawn nashri prezident kotibiyati matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari yiqilganidan so‘ng darhol kasalxonaga yetkazilgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng oyog‘iga gips qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, Zardoriy ayni damda to‘liq ta’tilda. Prezident to‘rt hafta davomida gipsda qolishi kerak.
69 yoshli prezident so‘nggi yillarda sog‘lig‘ida bir qancha muammolarga duch kelgan. 2023-yilning mart oyida Birlashgan Arab Amirliklarida ko‘zini operatsiya qildirdi.
Shuningdek, Pokiston prezidenti 2022-yilda Karachidagi ko‘krak qafasidagi infeksiyani davolash uchun bir hafta muddatga kasalxonaga yotqizilgan. Sog‘ligi haqda ko‘plab mish-mishlar chiqqanidan so‘ng, uning shaxsiy shifokori Asim Husayn X ijtimoiy tarmoqlarda uning "salomatligi yaxshi" ekanligini tasdiqladi.
Bir yil muqaddam Zardoriy doimiy sayohatlar natijasida yuzaga kelgan “charchoq” tufayli Karachidagi xususiy shifoxonada davolangan.