Kuni kecha ommaviy axborot vositalari Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgani, ammo Berlin va Moskva bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagani haqida xabar bergan edi.
Bugun Kreml Shols chindan ham Putinga qo‘ng‘iroq qilganini tasdiqlab, ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat tafsilotlarini ochiqlagan.
Unga ko‘ra, Rossiya rahbari "Germaniya hukumatining do‘stona bo‘lmagan munosabati oqibatida ikki davlat o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi aloqalar misli ko‘rilmagan tanazzulga uchraganini" ta’kidlagan.
Suhbat davomida Germaniya kansleri Rossiya bu urushdan ko‘zlagan maqsadlarining hech biri amalga oshmasligini aniq aytib, Moskvani "Kiyev bilan jiddiy muzokaralar olib borishga" tayyor bo‘lishga chaqirdi.