31-10-2025 14:10

Marhabo uch yoshligida onasi bilan Rossiyaning Dog‘iston Respublikasiga ko‘chib o‘tgan. Ularning oilasi O‘zbekistondan ish izlab kelgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay, otasi hujjatlar bilan bog‘liq muammolar tufayli deportatsiya qilingan. Onasi esa yangi joyda ish va boshpana topa olmay, qizi bilan ko‘chalarda yashashga majbur bo‘lgan.
Besh yil davomida Marhabo onasi bilan sovuq va ochlikda, mashinalar orasida, bozorlarda hamda avtostansiyalarda tunab, tirikchilik uchun yo‘lovchilardan sadaqa so‘rab kun kechirgan.
So‘ng kunlarning birida Dog‘istonning Maxachkala shahrida sayr qilayotgan bir sayyoh tasodifan ko‘chada o‘tirgan kichik qizaloqni suratga oladi. Qizning tabassumi va tashqi ko‘rinishi internet foydalanuvchilarini hayratda qoldiradi. Surat ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, ko‘plab odamlar qizaloqqa yordam berishni istaydi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Marhaboga mahalliy xayriya tashkiloti yordam qo‘lini cho‘zadi. Aynan o‘sha paytda u bilan tanishgan Janet ismli dog‘istonlik ayol qizga o‘z uyidan vaqtincha boshpana beradi. Keyinchalik Janet uni o‘z qaramog‘iga olishni va hayotini o‘zgartirishni maqsad qiladi.
Marhaboning surati internetda mashhur bo‘lgach, uni bolalar kiyimlari brendlari, suratkashlar va reklama agentliklari izlab topadi. Qizaloq reklama roliklarida ishtirok eta boshlaydi. Uning tabiiy chiroyi, kamera qarshisidagi erkin harakatlari va samimiy tabassumi ko‘pchilikning e’tiborini tortadi.
Hozir Marhaboning Instagram sahifasida 60 mingdan ortiq kuzatuvchi bor. U turli bolalar kiyimlari va kosmetika brendlari bilan hamkorlik qiladi va oyiga o‘rtacha 150 ming rubl (20—22 million so‘m) daromad oladi. Uning suratlari modellik agentliklarining jurnallarida ham chop etilgan.
Marhaboning biologik onasi hali ham Dog‘istonda yashaydi, biroq u og‘ir moddiy ahvolda. Shunga qaramay, u qizining yangi hayotiga qarshi emas. “Eng muhimi, u baxtli bo‘lsin”, deydi onasi. Marhabo esa onasini unutmagan: u har oy topgan pullarining bir qismini oyisiga yuboradi.
Bugungi kunda Marhabo maktabga bormoqda, rus tilini o‘rganmoqda va kelajakda professional model yoki aktrisa bo‘lishni orzu qilmoqda. Unga homiylik qilayotgan Janet esa qizning hujjatlarini rasmiylashtirib, uni qonuniy asrab olish huquqini olish uchun hujjatlar topshirgan.
