04-09-2025 10:46
Senat Raisi Tanzila Norboyeva nufuzli tadbirda Prezidentimiz qator taklif va tashabbuslar ilgari surganini e’tirof etdi.
Jumladan, savdo-sotiqni soddalashtirish, ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish, “yashil” energetikani jadal rivojlantirish, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish, mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, mintaqalararo transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish, SHHTda yagona transport tarmog‘ini shakllantirish, “yashil” transformatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi kabi dolzarb masalalar SHHT makoni taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda Turkmanistonning Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi ham bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan boshqa o‘nlab rivojlanayotgan mamlakatlar barqaror taraqqiyotining fundamental masalalari hamjihatlikda hal etilishiga xizmat qiladi.
Hozirda mintaqamizda yagona transport-logistika makonini shakllantirish, Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirish bo‘yicha keng qamrovli dasturlar, yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 4,5 marta, sarmoyalar esa ikki barobarga o‘sgan. Qo‘shma korxonalar soni besh karra ko‘paygan. Bunday sa’y-harakatlar xalqlarimiz hayoti yanada farovon bo‘lishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Avazada bo‘lib o‘tgan “Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston” sammiti ham mintaqamizda o‘zaro ishonch va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, barqaror rivojlanish imkoniyatlarini birlashtirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Umuman olganda, mintaqa davlatlari rahbarlari, birinchi galda Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan Markaziy Osiyo va Turkiy dunyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani va erishilayotgan muvaffaqiyatlar global darajada e’tirof etilmoqda.
Davlatimiz rahbariga Turkmanistonning yuksak davlat mukofoti – “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni berilgani ana shunday e’tiroflarning yorqin dalili bo‘ldi.