01-08-2025 04:57
O‘zbekistonda ikki muhim yo‘nalish — Toshkentdan Samarqand va Andijonga pulli avtomobil yo‘llari qurilishi 2026 yilda start olishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida ma’lum qilindi.
Mazkur loyihalar avvalroq 2025 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Ammo hujjatdagi yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, amaliy ishlar kamida bir yilga kechiktiriladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi qurilishlarni xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga amalga oshirishni mo‘ljallamoqda.
Shu bilan birga, vazirlik xalqaro avtomagistral yo‘llarni ta’mirlash va yangilash, shuningdek, mavjud infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishni ham nazarda tutmoqda. Bunda xorijiy mamlakatlar tajribasi va zamonaviy yondashuvlardan foydalanish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pulli yo‘llari mamlakatning iqtisodiy jihatdan muhim hududlarini bog‘laydi va tranzit salohiyatini oshiradi. Shu bois mazkur loyihalar strategik ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejasining bir qismi sanaladi.