Bu haqda viloyat hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent davlat agrar universitetining 400 oʻringa moʻljallangan talabalar turar joyi binosida pudratchi tashkilot “New brand house” MCHJ tomonidan sifatsiz hamda loyiha talablarini buzgan holda qurilish ishlarini olib borgan.
“Gipsakardon plitasini devorlarga yopishtirish jarayonida profillardan karkaz qilib oʻrnatilishi oʻrniga gips yordamida qotirilgan”, deydi Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh inspektori Ismoil Hamidov.
Bundan tashqari, binoning ichki xonalariga kirish eshiklarining “peremichka”larini oʻrnatish va tom ishlari ham tasdiqlangan loyiha hujjatlariga zid tarzda amalga oshirilgan. Bu esa obyektda texnik nazoratchi va ichki nazoratchi ishlamaganidan dalolat beradi.
Ismoil Hamidovga koʻra, inspeksiya xodimlari tomonidan qurilishda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan masʼullarga 14-marta yozma koʻrsatmalar berilgan. Shuningdek, 3-marta jarima choralari qoʻllanilgan, ammo qurilish ishlari shu yoʻsinda davom ettirilgan.
“Bugungi kunda binoda qayta texnik tekshiruv oʻtkazilgunga qadar qurilish ishlari toʻxtatildi. Keng qamrovli reyd tadbirlari Toshkent viloyatining har bir hududida davom etmoqda”, deyiladi xabarda.