21-07-2025 10:08
2025-yil 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan temir yo‘l vokzallariga tashrif buyurgan yo‘lovchi va fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash uchun “Toshkent-markaziy” temir yo‘l vokzali hududida avtomobillarning vokzalning kirish qismiga qadar kirib-chiqishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, vokzal atrofidagi temir panjarali to‘siqlar ham olib tashlandi. Vokzalga kirish hududi obodonlashtirilib, avtomobillar uchun yo‘laklar qilindi. Sifatli asfalt yotqizildi, yo‘lovchi va fuqarolar uchun yo‘laklar tayyorlandi. Ayni paytda yangi qurilgan vokzal oldi yo‘lagi sinov tariqasida ishga tushirildi. Shuningdek, yo‘lakning kirish va chiqish qismlarida nazorat shlagbaumlari va video kuzatuv kameralari hamda yo‘l belgilari o‘rnatilib, yo‘lovchilarning kirib-chiqish xavfsizligi to‘liq ta’minlandi.
Endilikda vokzalga tashrif buyuruvchi yo‘lovchilar shaxsiy avtomashinalari, taksilar hamda turistlarga xizmat ko‘rsatayotgan turli transport vositalari vokzalning kirish eshigiga qadar avtomobillarda kelib, yuk va yo‘lovchilarini tushirib, chiqib ketishlari mumkin. Bunda avtomobil vokzal oldi yo‘lagiga kelib to‘xtaydi, yuk va yo‘lovchilarini tushiradi yoki qabul qilib oladi.
Agarda ushbu jarayon (avomobil kelib to‘xtagandan yurib ketgunga qadar) 5 daqiqani tashkish etsa – bepul, 5 daqiqadan 10 daqiqagacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida belgilangan to‘lov asosida, 10 daqiqadan oshib ketgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi “Yo‘l harakati qoidalari”ning tegishli bandlariga muvofiq, jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Jarimalar inson omili ishtirokisiz qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus kameralar orqali rasmiylashtiriladi.
E’tiborlisi, ayni paytda respublikamizning barcha temir yo‘l vokzallariga yo‘lovchi va fuqarolar kirib-chiqishini yanada qulaylashtirish uchun barcha vokzallarda o‘rnatilgan panjarali to‘siqlar olib tashlandi.
Vokzallar hududiga kirish va chiqishlar bosqichma-bosqich tarzda “Toshkent-markaziy” temir yo‘l vokzalidek bo‘lishi rejalashtirilib, yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.