24-07-2025 06:12
“Men ko‘pincha shu savol ustida o‘ylanaman: katta yoshdagi inson qaysi pallada boladagi insoniy qiyofani ko‘rmay qoladi? Qachon g‘azab va bezovtalik zo‘ravonlik uchun bahonaga aylanadi? Bola himoya qilishga "ulg‘ayib yetishi" mumkin emas. Himoya uning haqqi sifatida uning ilk nafasidan boshlab mavjud bo‘lishi shart. Shart-sharoitlarga bog‘liqsiz, mutlaq va kafolatli tarzda”, deb yozdi u Instagram‘dagi sahifasida.
Uning bildirishicha, so‘nggi bir necha oydan buyon Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda. Bugungi kunda mazkur mavzu yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda. Agentlik Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqdi.
“Maqsad — bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi, javobgarlik adolatli va muqarrar bo‘lishi, yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishishdir”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
Qayd etishicha, hozirda Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh shakllantirilmoqda. Ushbu guruh quyidagi aniq va amaliy o‘zgarishlar ustida ish boshlab bo‘lgan:
bolalarga ziyon yetkazgan shaxslar uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish
shafqatsizlikka yo‘l qo‘yganlar uchun bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash
javobgarlikni tezkor va samarali ta’minlash maqsadida yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish.
“Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman. Bu — har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning muqobili sifatida boshqa bir tanlov ham bo‘lishi shart: uni to‘xtatish tanlovi. Oqlash emas. Muammoga ko‘z yummaslik tanlovi”, dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari.