30-07-2025 07:06
Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Raqobat qo‘mitasi tahlili natijasida «UzAuto Motors» AJni jalb qilgan holda shartnomaning 21 ta kichik bandi qonun talablariga muvofiqlashtirildi.
Jumladan, pulni qaytarish muddati qisqartirildi.
Avvallari qo‘shimcha shartnoma imzolangan kundan boshlab 30 kun bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 10 kun muddatga qisqartirildi.
Avtomobilni yetkazib berishning kechikishi borasida ham o‘zgartirish kiritildi.
Oldinlari ishlab chiqaruvchiga bog‘liq bo‘lmagan hollarda, ishlab chiqarishda vaqtincha uzilish yuz bersa, avtomobilni yetkazib berish muddati 3.1-bandida belgilangan muddatdan 45 kungacha uzaytirilishi mumkinligi sotuvchining majburiyatlari bo‘limida belgilangan edi. O‘zgartirishga muvofiq, ushbu band fors-major bo‘limiga ko‘chirildi.
Takroran shartnoma tuzish holati bo‘yicha avval bir rusumdagi avtomobil uchun bir yilda qayta shartnoma tuzish holati aniqlanganda, avtomobilni yetkazib berish muddati qo‘shimcha 120 kungacha uzaytirilishi mumkin edi. Endilikda bu band to‘liq olib tashlangan.
Shuningdek, shartnomada sotuvchining qonunchilikda belgilangan majburiyatlari ham aniq belgilab qo‘yildi.